Aziz Vatan himoyachilari, Qurolli kuchlarimiz faxriylari, hurmatli tumandoshlar!
Sizlarni mamlakatimiz hayotidagi qutlugʻ sana –Vatan himoyachilari kuni va Qurolli kuchlarimiz tashkil etilganining 31 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!
14 yanvar Oʻzbekiston Respublikasining suvereniteti, hududiy yaxlitligi, aholining tinch hayoti va xavfsizligini himoya qiladigan kasb egalari –Vatan himoyachilari kuni va Oʻzbekiston Qurolli kuchlari tashkil topgan kun sifatida munosib nishonlanadi. Vatanimiz, xalqimiz hayotida tinchlik, taraqqiyot va farovonlik sahifasini ochib bergan bu sana yildan yilga xalqimizning eng sevimli va ardoqli bayramiga aylandi.
Vatanni himoya qilish, uni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash yurtning har farzandining vazifasidir.Ushbu sharafli vazifani harbiylarimiz va boshqa huquq-tartibot idoralari xodimlari amalga oshiradilar.Ularni kechani kecha, sovuqni sovuq demay, yurt himoyasi, uning osoyishtaligi uchun qalqon boʻlishlari sabab bugun barchamizning tunlarimiz tinch va kunduzlari xotirjammiz. Shu sababli ham ularni qancha ulugʻlasak, qancha eʼzozlasak shuncha oz.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Miromonovich tomonidan Oliy Majlisga yoʻllagan murojaatnomasida joriy 2023-yil "Insonga eʼtibor, sifatli taʼlim yili" deya eʼlon qilindi.
Darhaqiqat, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, zakovat bor joyda ulugʻlik, bilim bor joyda buyuklik boʻladi.
Yangi 2023 yilda taʼlim sifatini yuksaltirish, sogʻliqni saqlash, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish masalalari yangi bosqichga koʻtariladi. Iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda boshlagan keng koʻlamli islohotlarimizni izchil davom ettiramiz. Bu ezgu gʻoya barcha insonlarning yuragidagi, dilidagi orzu ekanligini yaxshi bilamiz.
Vatan himoyachilari kunini nafaqat harbiy xizmatchilari, balki ayni vaqtda armiya saflarida oʻz burchini oʻtab qaytgan vatandoshlarimiz va ertaga Vatan tinchligi uchun xizmatga boradigan ming-minglab navqiron yigitlarning bayrami deb qabul qilingan.
Harbiy qasamyodga, harbiy burchga sodiqlik, jasorat va qahramonlik namunalari oʻtmishdagi ajdodlarimizda boʻlgani kabi bugungi kunda ham Qurolli kuchlarimiz askarlari uchun harakat meʼyori boʻlib qolmoqda.
Hurmatli harbiylar, Vatan himoyachilari!
Mustaqillik – avvalo huquqdir. Ming shukurki, bu huquqni himoya qilish uchun Vatanimizni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash, el-yurtimizni har qanday xavf-xatardan saqlashga qodir qudratli Qurolli kuchlarga egamiz.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev oʻz chiqishida Oʻzbekiston bundan buyon ham birorta harbiy blokka qoʻshilmasligini eʼlon qilib, oʻzbek xalqini bir soʻzli, qatʼiyatli va eng asosiysi, tinchliksevar xalq ekanligini jahon hamjamiyati oldida yana bir bor taʼkidlab, vatandoshlarimizni buyuk davlat qurish, hech kimga qaram va hech kimdan kam boʻlmay yashash sari intilishlarini qoʻllab-quvvatladi.
Hozirgi murakkab xalqaro vaziyat, yaqin va uzoq mamlakatlarda sodir boʻlayotgan turli noxush holatlar xalqimizni milliy armiyamiz bilan hamkorlikda, yaʼni Xalq- armiya birlikdir shiori ostida bir tan-u bir jon boʻlib, muhtaram Prezidentimiz va Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni atroflarida yanada jipslashib, ogoh boʻlib yashashimizni taqozo etadi.
Fursatdan foydalanib, hurmatli askar va serjantlar, ofitser va generallar hamda nafaqadagi harbiylarimizni, Ichki ishlar xodimlarini Vatan himoyasiga daxldor barcha fuqarolarni ularning oila aʼzolarini hamda tumanimiz ahlini Vatan himoyachilari kuni bayrami bilan yana bir bor samimiy tabriklayman.
Ozod, erkin va farovon hayot qurish yoʻlidagi ezgu orzu istaklarimizni, tinchlik-osoyishtaligimizni himoyalashni muqaddas kasb deb bilgan- Siz fidoyi insonlarga mustahkam sogʻlik, omadu zafarlar tilaymiz!
Yakkabogʻ tumani hokimi Abdullayev Lutfiddin Joʻrayevich