Jadal rivojlanib borayotgan jamiyatimizda yangi yuzaga kelayotgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga solib borish juda muhim masala hisoblanadi. Albatta bunday munosabatlar qonun normalariga asosan tartibga solinishi tabiiy holdir. Ilg’or xorijiy tajribani qo’llagan holda qonunchilikka doimiy ravishda o’zgartirish va qo’shimchalar kiritib boorish bugungi kun talabi hisoblanadi.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda O’zbekiston Respublikasi Iqtisodiy prosessual kodeksi (IPK)ga ham 2021-yil 13-yanvarda O’zbekiston Respublikasining 663-sonli Qonuniga asosan o’zgartirish kiritgan bo’lib, bugungi kunda ommalashayotgan investitsiyaviy munosabatlar va ular asosida kelib chiqadigan investitsiyaviy nizolarni hal etishga qaratilgandir. Kodeksning 301-moddasi Investitsiyaviy nizolar bo‘yicha ishlar deb nomlanib:
Investitsiyaviy nizolar bo‘yicha ishlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
1) investitsiya shartnomalarini tuzish, o‘zgartirish va bekor qilish bilan bog‘liq nizolar;
2) investitsiya shartnomalarini haqiqiy emas deb topish haqidagi nizolar;
3) investitsiya shartnomasining bajarilishi bilan bog‘liq nizolar;
4) investitsiya shartnomasidan kelib chiqadigan soliq, bojxona, ijtimoiy, ekologik va boshqa majburiyatlarning investor tomonidan bajarilishi bilan bog‘liq nizolar;
5) investitsiya shartnomasi bo‘yicha investorga berilgan mol-mulkni talab qilib olish yoki bunday shartnoma bo‘yicha neustoyka undirish va (yoki) zararlar o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi nizolar.
Investitsiyaviy nizolar va ularning turlari to’g’ridan-to’g’ri kodeksda o’z aksini topishi bu kelgusida invetitsiya olib kiruvchi subyektlarning huquqlari kafolati bo’lib xizmat qiladi.
Yakkabog’ tumanlararo sudi
raisi S.Tursunov