Assalomu alaykum, Aziz ayollar!
Muhtarama onaxonlar, qadrli opa-singillar
Avvalo, sizlarni, sizlarning timsolingizda barcha onaxonlarimiz, opa-singillarimiz, dilbar qizlarimizni ezgulik va goʻzallik bayrami 8 mart —Xotin-qizlar kuni bilan tumanimiz faollari, keng jamoatchilik nomidan samimiy muborakbod etaman!
Ayolning nafosati va nazokati, vafo va sadoqati, aql-zakovati va fidoyiligi asrlar mobaynida yer yuzida hayot davomiyligi va abadiyligiga asos boʻlib keladi. Bu haqda gapirganda, avvalo, "Jannat onalarning oyogʻi ostidadir" degan hikmatli soʻzlarni yana bir bor eslaymiz va mehribon, muqaddas Ona siymosi oldida barchamiz bosh egib taʼzim qilamiz!
Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va koʻrki boʻlgan xotin-qizlarni eʼzozlash, ularga hurmat va ehtirom koʻrsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat boʻlib kelgan va shunday boʻlib qoladi. Chunki sizlar bilan hayotimiz goʻzal va mazmunli, xonadonlarimiz obod va nurafshondir.
Aziz va muhtarama opa-singillar!
Vatanimiz taraqqiyotida, oila va jamiyat hayotida xotin-qizlar muhim oʻrin va mavqega ega. Ayollarimiz mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy, siyosiy-iqtisodiy hayotidagi barcha sohalarda xususan, davlat boshqaruvi va vakillik organlarida, ichki ishlar, ishlab chiqarish, tadbirkorlik, fermerlik, sogʻliqni saqlash, taʼlim, maʼrifat, madaniyat va boshqa sohalarda samarali mehnat qilishmoqda.
Bu dunyoda shirin va ahil, baxtli hayot uchun poydevor yaratib, insonni inson, oilani mustahkam oila qiladigan, biz uchun muhabbat, vafo va sadoqat timsoli boʻlib kelayotgan Siz, goʻzal va betakror, qadrdon ayollarimiz haqida koʻplab taʼriflar keltirish mumkin.
Qadrli opa-singillar!
Bugun Yurtboshimiz tomonidan xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, oila mustahkamligini taʼminlash davlat siyosati darajasiga koʻtarildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 730-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida oʻtgan yilda kam taʼminlangan, uy-joyga muhtoj, yillar davomida taʼmirtalab uyda yashab kelayotgan 130 nafar I guruh nogironligi boʻlgan xotin-qizlarning uy-joylari 712 mln.soʻm mablagʻ hisobidan taʼmirlandi. Shuningdek, noturar joylarda istiqomat qilayotgan 128 nafar xotin-qizlarning 236.8 mln soʻmlik ijara toʻlovlari toʻlandi, jami 20 nafar ogʻir ijtimoiy vaziyatdagi uy-joyga muhtoj xotin-qizlar uy-joy bilan taʼminlandi hamda 2 nafariga boshlangʻich toʻlovlar toʻlab berildi.
Shuningdek, ogʻir turmush sharoitidagi xotin-qizlar bandligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilib, 1095 ming nafar xotin-qizlarning bandligi taʼminlandi, 378 nafarini kasb-hunarga oʻqitib, kreditlar ajratish uchun 308 mln soʻm mablagʻ sarflandi. 57 nafar uy-joyi taʼmirga muhtoj xotin-qizlarimizning xonadonlari taʼmirlab berildi.
Ana shunday eʼtibor va eʼtiroflar tufayli bugun tumanimizning eng olis qishloq joylarida ham goʻzallik salonlari, kasanachilik va tikuvchilik sexlari tashkil etildi. Kechagina kollejni tamomlagan qizlarimiz esa bugun tadbirkor va hunarmand boʻlib oʻz daromadlariga ega boʻlmoqdalar!
Qadrli opa-singillar!
Bahorning ilk bayrami munosabati bilan tumanimizning dilbar, fidoyi va mehribon xotin-qizlariga shuni alohida taʼkidlamoqchimanki, Siz har jabhada ilgʻor, tashabbuskor, ibratlisiz. Biz bugun oʻzining fidokorona mehnati, erishgan ulkan yutuqlari, davlat va jamoat ishlaridagi faol ishtiroki, ibratli fazilatlari bilan xalqimiz oʻrtasida obroʻ-eʼtibor qozongan yuzlab opa-singillarimizning nomlarini hurmat bilan tilga olamiz.
Sizlarning mehnatlaringiz Muhtaram Yurtboshimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan inobatga olinib, 2022 yilda mamlakatimizda oʻtkazilgan muhim bayram shodiyonalari arafasida davlatimizning yuksak darajadagi orden va medallari bilan taqdirlandingiz.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan "Moʻtabar ayol" koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan edi.
Oʻtgan yili mazkur mukofotga tumanimizda onalik va bolalik muhofazasiga munosib hissa qoʻshgan, joylarda maʼnaviy-axloqiy muhitni sogʻlomlashtirish va milliy qadriyatlarni keng targʻib etish borasida ibratli faoliyat olib borgan xotin-qizlarimizdan Yunusova Alla munosib deb topilgan boʻlsa, bugun oʻzining samarali mehnati, jamiyat va davlat hayotida faolligi, tashabbuskorligi bilan hissa qoʻshgan Muqaddam Poʻlatova "Moʻtabar ayol" koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
Fursatdan foydalanib, ushbu mukofotga sazovor boʻlgan munis ayollarimizni tumanimiz faollari, keng jamoatchilik hamda oʻz nomimdan muborakbod etaman.
Hurmatli onaxonlar, opa-singillar, munis qizlar!
Soʻzimning oxirida barchangizni Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.
Mening tilagim va niyatim bitta — oilangiz, farzandlaringiz, el-yurtimiz baxtiga hamisha sogʻ-omon boʻlinglar! Zero, ayollarimizning baxti — xalqimiz, jamiyatimizning baxtidir.
Barchangizga oilaviy xotirjamlik, xonadonlaringizga tinchlik, fayzu baraka tilayman. Doimo xalqimiz, Vatanimizning yuksak mehri va ardogʻida boʻlish hammangizga nasib etsin!
Hamisha sogʻ-omon boʻling, azizlar!
Eʼtiboringiz uchun rahmat!