Aholini roʻyxatga olishning asosiy maqsadi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-fevraldagi PF-5655-son Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasida 2022-yilda aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish konseptsiyasi qabul qilingan. Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va uning farovonligi toʻgʻrisidagi ishonchli maʼlumot uzoq muddatli prognozlar va davlatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish maqsadli dasturlarini, yangi ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturlarini ishlab chiqish, barqaror rivojlanish Milliy maqsadlari indikatorlarini shakllantirish, mehnat resurslari joylashuvi va ulardan foydalanish jarayonlarini oʻrganish, ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun muhim poydevor hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining 2020- yil 16- mart, OʻRQ-611-son qonuni tasdiqlandi. Oʻzbekiston Respublikasining qonuniga asosan 2020-yil 11-noyabrdagi Vazirlar Maxkamasining 710- sonli Qarori qabul qilindi. Qaror ijrosini ta’minlash maqasadida Aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga oid vazifa va topshiriqlar belgilab olindi. Mustaqillik yillarida Oʻzbekiston Respublikasida aholini roʻyxatga olish oʻtkazilmagan. Aholi soniga, yosh-jins tarkibiga keskin taʼsir koʻrsatgan oʻzgarishlar, respublika hududidagi aholi joylashuvi xususiyatlari va boshqa ijtimoiy-demografik oʻziga xosliklar aholining joriy hisobiga oid mavjud maʼlumotlarni qoʻllashni sezilarli darajada cheklamoqda.
Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
aholini roʻyxatga olish — Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning muayyan hududlarida oʻtkaziladigan, belgilangan sanada aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy tavsiflarini belgilovchi shaxsga doir maʼlumotlarni yigʻish hamda ularga ishlov berish davriy jarayoni;
aholini roʻyxatga olish sanasi — aholi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yigʻish va hisobga olish amalga oshiriladigan aniq payt (yil, oy, kun va soat);
respondentlar — aholini roʻyxatga olish sanasida Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, lekin aholini roʻyxatga olish sanasida uning hududidan tashqarida boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari;
roʻyxatga olish varagʻi — koʻrsatilgan savollar boʻyicha shaxsga doir maʼlumotlarni yozib olish uchun belgilangan shakldagi blanka;
roʻyxatga olish hujjatlari — aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayoniga taalluqli hujjatlar majmui;
roʻyxatga oluvchi xodimlar — Oʻzbekiston Respublikasining aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrishga va uni oʻtkazishga jalb etilgan, maxsus oʻquvdan oʻtgan voyaga yetgan fuqarolari;
uy xoʻjaligi — bitta turar joyda yoki uning bir qismida birgalikda yashaydigan, oʻzini yashash uchun barcha zarur narsalar bilan taʼminlaydigan, umumiy xoʻjalik yuritadigan, pul mablagʻlarini toʻliq yoki qisman birlashtiradigan va sarflaydigan shaxslar yigʻindisi. Bu shaxslar qarindoshlik munosabatlarida boʻlishi yoki boʻlmasligi mumkin. Uy xoʻjaligi bitta shaxsdan iborat boʻlishi mumkin.
“Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, doimiy yoki vaqtincha yashovchi yoxud vaqtincha Oʻzbekiston Respublikasida boʻlib turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, ammo aholini roʻyxatga olish davrida vaqtincha xorijiy davlat hududida boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari respondent sifatida roʻyxatga olinadi.
Aholi soni va uning tarkibini hisoblashda bir yildan ortiq muddatda mamlakat hududida boʻlmagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari hamda “Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 24-moddasi oxirgi xatboshisida nazarda tutilgan shaxslar hisobga olinmaydi, ammo uchinchi xatboshida nazarda tutilgan shaxslar va bir yildan koʻp muddatda respublika hududida vaqtincha yashab kelayotgan xorijiy davlatlar fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar hisobga olinadi.